Farg'ona viloyati Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreya Respublikasida safarda bo'lishdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentabr kungi “Maktabgacha ta`lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida mamlakatimizda birinchi bo'lib Farg'ona viloyati Maktabgacha ta`lim boshqarmasi boshchiligida viloyatdagi maktabgacha ta`lim bo'limi mudirlari hamda bir qator maktabgacha ta`lim muassasalari rahbarlaridan iborat delegatsiya joriy yilning 20-26 fevral kunlari Janubiy Koreya Respublikasida safarda bo'lishdi.

 

Ushbu safar davomida o'nga yaqin uchrashuv o'tkazilib, tajriba almashinuvi, O'zbekistonda eksperimental tarzda bolalar bog'chalarini ochish, birgalikda kadrlar tayyorlash va ilmiy izlanishlar olib borish imkoniyatlarini o'rganib chiqish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. 

Safar doirasida Janubiy Koreyaning qator maktabgacha ta`lim va boshqa turdagi muassasalariga tashriflar uyushtirildi va ularning faoliyati o'rganildi. Jumladan, bog'chalarning o'ziga xos jihatlari, qo'llanilayotgan ta`lim berish uslublari, moliyalashtirish va to'lov tizimlari, pedagogik xodimlarning malaka darajasi va xizmat sharoitlari, oziq-ovqat va moddiy-texnik ta`minot hamda sohalariga tegishli dasturlar va uslublar atroflicha o'rganildi.

Yuqoridagi uchrashuvlar davomida Pedagoglar faoliyati uchun maksimal qulay sharoitlarning yaratilganiligiga, pedagogning ijodiy erkinligi, katta hajmdagi hisobotlarning yo'qligi, davlat bog'chalari pedagoglari ijtimoiy statusining yuqoriligi, bolalar o'zlarini namoyon qilishlari uchun yaratilgan ijodiy muhit, jumladan, xonalarning hatto kichik detallarigacha qulay dizayni va jihozlangani, ular uchun boy adabiyotlar va rivojlantiruvchi o'yinlarning mavjudligi, erta bolalikdan jamiyatda o'zini tutish va shaxsiy gigiyena ko'nikmalarini tarbiya qilish kabi alohida jihatlarga alohida e`tibor qaratildi.

manba : www.kun.uz

Ўзбек